Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov viloyatimizdagi mavjud OTMlarning turizm taʼlim yoʻnalishida oʻqiyotgan talabalar bilan muloqot qildi. Uchrashuvda viloyatning turizm salohiyatini rivojlantirish, sayyohlar oqimini koʻpaytirish, turizmning barcha yoʻnalishlari boʻyicha yangi loyiha va dasturlarni ishlab chiqishda yoshlar taklifini oʻrganish masalalari qamrab olindi.
Maʼlumot uchun: Andijonda turizm yoʻnalishida jami 316 nafar talaba oʻqiydi. Shundan Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti talabalarining soni 111 nafarni tashkil qiladi.
Ochiq va samimiy suhbatda viloyat rahbari yoshlarning har biri bilan alohida suhbat oʻtkazib, ularning taklif va gʻoyalarini oʻrgandi. Uchrashuvda Andijon davlat universiteti hamda Andijon davlat chet tillari institutida taʼlim olayotgan talabalar, ustozlar va rektorlari ishtirok etdi.